Chillada issiq qor qayerdan paydo,
Bul qadar iliqlik, top-toza husn.
Men tiniq xayollar charx urgan joyda,
Yo'qotib qo'yaman dunyoning tusin.

Ko'karar ko'ksimda bargin to'kkan bog',
O'tolmas daryoda ko'raman kechik.
O'zini yo'qotib topmoq, charx urmoq,
Ko'klam jilg'asining ishi, har nechuk.

Ishq, armon gul ochib, so'lsa jonimda,
Yillar olib ketsa berkitib, o'rab,
Jilg'a dardin bermang qahratonimda,
Umrimning so'ngida kelmangiz so'rab.








